Xalqaro geotermal assotsiatsiyaning (IGA) GLOBAL_GT jurnali 2026-yil yanvar sonini Markaziy Osiyoga bag‘ishladi. «Central Asia’s Untapped Heat: A New Geothermal Frontier» sarlavhasi bilan 2026-yil 5-fevralda chiqqan sonning katta qismi O‘zbekiston haqida.
IGA vakili Zemfira Djemileva «Why Uzbekistan Can Lead» maqolasida yozishicha, 2035-yilga borib mamlakatda energiya iste’moli qariyb ikki baravar oshishi mumkin, geotermal energiya esa ob-havodan qat’i nazar barqaror issiqlik va elektr beradi. Uning fikricha, eng tez samarani issiqlikni bevosita ishlatish beradi: shaharlarda tabiiy gaz sarfini kamaytiradigan markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti, sanoat uchun texnologik issiqlik va yil bo‘yi ishlaydigan issiqxonalar. O‘n yillar davomida neft va gaz qidiruvida burg‘ulangan quduqlardan qayta foydalanish xavf va xarajatni kamaytirishi mumkin. 110 dan ortiq mamlakat vakillarini birlashtirgan IGA O‘zbekistonga ilg‘or tajriba, kadrlar tayyorlash va texnik ekspertiza bilan yordam berishga tayyor ekanini bildirmoqda.
Ikkinchi maqola Dave Waters taqdim etgan texnik tahlilga asoslangan. Unda ko‘rsatilishicha, isitish va sovutishga talab yuqori hududlar geotermal sharoiti qulay cho‘kindi havzalarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning ko‘plab havzalarida geotermal issiqlikni o‘rtacha chuqurlikdan, ayniqsa issiqlik nasoslari yordamida olish o‘zini oqlaydi, shuning uchun chuqurroq burg‘ulash har doim ham yaxshi emas. Maqolada Amudaryo va Farg‘ona neft-gaz havzalari tilga olinadi: ulardagi mavjud quduqlar texnik-iqtisodiy asoslash va tajriba-sinov (pilot) loyihalariga tayanch bo‘lishi mumkin. Maqola geotermal issiqlikni sho‘r yer osti suvlari, suvni chuchuklashtirish va issiqlik energiyasini saqlash bilan ham bog‘laydi.
Mintaqaviy sharhda O‘zbekiston davlat siyosati tufayli peshqadam bo‘lib borayotgan mamlakat deb ataladi. Sharh yaqin yillardagi eng yaxshi imkoniyatlarni markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti, jamoat infratuzilmasi, sanoat va issiqxonalarda ko‘radi. Mualliflarning fikricha, O‘zbekiston litsenziyalash va xavflarni taqsimlash qoidalarini birinchilardan bo‘lib joriy etishi, qo‘shnilari esa bu qoidalardan namuna olishi mumkin.
Nega bu muhim
Dunyodagi asosiy geotermal assotsiatsiya O‘zbekistonni turli mamlakatlardagi a’zolariga Markaziy Osiyoda geotermal energetika yetakchisi bo‘la oladigan mamlakat sifatida tanishtirmoqda. Birinchi qadam — shaharlar, sanoat va issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlash.