Xalqaro geotermal assotsiatsiya (IGA) o‘zi chiqaradigan GLOBAL_GT jurnalining 2026-yil yanvar sonini Markaziy Osiyoga bag‘ishladi. «Central Asia’s Untapped Heat: A New Geothermal Frontier» sarlavhali bu son 2026-yil 5-fevralda chiqdi. Sonning katta qismi O‘zbekiston haqida.

IGA vakili Zemfira Djemileva «Why Uzbekistan Can Lead» sarlavhali maqolasida mamlakatda energiya iste’moli 2035-yilga borib qariyb ikki baravar oshishi mumkinligini, geotermal energiya esa ob-havodan qat’i nazar barqaror issiqlik va elektr energiyasi berishini yozadi. Uning fikricha, eng tez samarani issiqlikdan bevosita foydalanish beradi: shaharlarda tabiiy gaz iste’molini kamaytirish uchun markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti, sanoat uchun texnologik issiqlik va yil bo‘yi issiqxona dehqonchiligi. O‘n yilliklar davomida neft va gaz qidiruvida burg‘ulangan quduqlardan qayta foydalanish xavf va xarajatlarni kamaytirishi mumkin. 110 dan ortiq mamlakatni birlashtirgan IGA O‘zbekistonni ilg‘or tajriba, o‘qitish va texnik ekspertiza bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirmoqda.

Dave Waters taqdim etgan texnik tahlilga asoslangan ikkinchi maqolada isitish va sovutishga talab yuqori bo‘lgan hududlar geotermal sharoiti qulay cho‘kindi havzalar bilan mos tushishi ko‘rsatilgan. O‘zbekistonning ko‘plab havzalarida geotermal issiqlikdan o‘rtacha chuqurliklarda, ayniqsa issiqlik nasoslari yordamida foydalanish maqsadga muvofiq, shuning uchun chuqurroq burg‘ulash har doim ham yaxshi natija bermaydi. Maqolada mavjud quduqlar texnik-iqtisodiy asoslash va tajriba-sinov (pilot) loyihalari uchun tayanch bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlar sifatida Amudaryo va Farg‘ona neft-gaz havzalari tilga olinadi, geotermal issiqlik esa sho‘r yer osti suvlari, suvni chuchuklashtirish va issiqlik energiyasini saqlash bilan bog‘lanadi.

Mintaqaviy sharhda O‘zbekiston davlat siyosati tufayli oldinda borayotgan mamlakat deb ataladi. Sharhda yaqin istiqboldagi eng yaxshi imkoniyatlar markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti, jamoat infratuzilmasi, sanoat va issiqxonalarda ko‘riladi hamda mamlakat qo‘shnilari namuna sifatida olishi mumkin bo‘lgan litsenziyalash va xavflarni taqsimlash qoidalarini birinchilardan bo‘lib joriy etishi mumkinligi aytiladi.

Nega bu muhim

Dunyodagi asosiy geotermal assotsiatsiya O‘zbekistonni turli mamlakatlardagi a’zolariga Markaziy Osiyoda geotermal energetika yetakchisiga aylanishi mumkin bo‘lgan mamlakat sifatida taqdim etmoqda. Birinchi qadam sifatida shaharlar, sanoat va issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlash ko‘rilmoqda.