Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyaning GH EnA kompaniyasi bosh menejeri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda viloyatda qayta tiklanuvchi energiyada ishlaydigan zamonaviy issiqxona majmuasini barpo etish muhokama qilindi.
GH EnA geotermal energiya, suv issiqligi va havo issiqligidan foydalanadigan texnologiyalarni taqdim etdi. Kompaniya fikricha, ular qishda tabiiy gaz va ko‘mir sarfini kamaytirish, energiya ta’minotini barqarorlashtirish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.
Uchrashuv viloyat delegatsiyasining Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi. Asosiy e’tibor loyihani amaliy bosqichga o‘tkazishga qaratildi. Janob Bozorov tashabbusni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.
Tomonlar loyihani Dang‘ara tumanida amalga oshirish shart-sharoitlarini o‘rganish, aniq harakat rejasini ishlab chiqish va hamkorlikni davom ettirishga kelishdi. Majmuaning hajmi va qurilish muddatlari aytilmagan.
