2026-yil 13-sentabrda Toshkentda tog‘-kon sanoati va geologiya masalalarini yechishda ma’lumotlar fani (Data Science) va sun’iy intellektni qo‘llashga bag‘ishlangan GEOMIN AI Labs 2026 hakatonining finali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mineral resurslar instituti 14-sentabrda xabar berdi.

Hakaton GEOMIN 2026 xalqaro konferensiyasi doirasida o‘tdi. Konferensiya Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Razvedka geofiziklari jamiyati (SEG) ko‘magida tashkil etilgan, texnologik hamkor — SLB kompaniyasi. Hakatonda O‘zbekistonda tahsil olayotgan 60 dan ortiq talaba va yosh mutaxassis qatnashdi, 10 nafar finalchi o‘z loyihalarini ekspertlardan iborat hakamlar hay’atiga taqdim etdi.

Ishtirokchilar to‘rtta amaliy topshiriq ustida ishladi: istiqbolli rux konlarini aniqlash, rudadagi oltin miqdorini bashorat qilish, geotermal energetika uchun yer osti haroratini baholash hamda tog‘-kon sanoatining ekologik xavflarini kamaytirishda mashinali o‘qitishdan foydalanish. Birinchi o‘rinni Mineral resurslar institutidan Ziyoda Minavarova, ikkinchisini MISiS Olmaliq filialidan Diyora Karimova, uchinchisini Olmaliq davlat texnika institutidan Temirali Sadikov egalladi. G‘oliblarning har biri qaysi topshiriq ustida ishlagani ma’lum qilinmagan.