Energiya samaradorligi milliy agentligi 2025-yil 1-noyabrdan o‘zining esma.uzex.uz platformasi orqali energiya tejovchi uskunalar uchun subsidiyalar ajrata boshladi. Bu haqda 2025-yil 6-noyabrda «Rasmiy xabarlar» axborot kanali xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-son qaroriga muvofiq agentlik uy-joyni energetik auditdan o‘tkazish xarajatining 100 foizini, quyosh panellari, quyosh kollektorlari, maishiy isitish qozonlari va boshqa energiya tejovchi qurilmalar narxining 20 foizini, issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining esa 40 foizini bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha qoplab beradi.

Shu paytgacha 131 ta so‘rov kelib tushgan, 116 ta xonadon energetik auditdan o‘tkazilgan va 14 ta xonadonga quyosh panellari va quyosh kollektorlari uchun subsidiya ajratilgan. «Yashil ta’mir» va «yashil» iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining 19 foizdan oshgan qismi ham 4 foiz punktigacha qoplab beriladi. «Yashil ta’mir» krediti bilan bajarish mumkin bo‘lgan ishlar qatorida issiqlik nasoslarini (havo, suv va geotermal) o‘rnatish, devor va tomlarni issiqlik izolyatsiyalash, deraza va eshiklarni almashtirish bor.