Energiya samaradorligi milliy agentligi 2025-yil 1-noyabrdan o‘zining esma.uzex.uz platformasi orqali energiya samarador uskunalar uchun subsidiyalar ajrata boshladi. Bu haqda 2025-yil 6-noyabrda «Rasmiy xabarlar» rasmiy axborot kanali xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 673-son qaroriga muvofiq agentlik uy-joyni energetik auditdan o‘tkazish xarajatlarining 100 foizini, quyosh panellari, quyosh kollektorlari, maishiy isitish qozonlari va boshqa energiya tejovchi qurilmalar xarajatlarining 20 foizini, issiqlik nasoslarini xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining esa 40 foizini bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha qoplab beradi.
Shu kungacha 131 ta so‘rov kelib tushgan, 116 ta xonadon energetik auditdan o‘tkazilgan va 14 ta xonadonga quyosh panellari va quyosh kollektorlari uchun subsidiya ajratilgan. «Yashil ta’mir» va «yashil» iste’mol kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining 19 foizdan oshgan qismi ham 4 foiz punktigacha qoplab beriladi. «Yashil ta’mir» doirasidagi ishlarga issiqlik nasoslarini (havo, suv va geotermal) o‘rnatish, devor va tomlarni issiqlikdan izolyatsiya qilish, deraza va eshiklarni almashtirish kiradi.