2026-yil 10-sentabrda Fransiya geologiya xizmati (BRGM) va Fransiyaning xalqaro texnik hamkorlik bo‘yicha davlat agentligi Expertise France vakillari Toshkentdagi Gidrogeologiya va injenerlik geologiyasi institutida (GIDROINGEO) bo‘ldi. Bu haqda institut 11-sentabrda xabar berdi. Mehmonlar Farg‘ona vodiysining chuqur geotermal energiya salohiyati yuzasidan fikr almashish va hamkorlikni muhokama qilish uchun kelgan.

Institut xodimlari mehmonlarni geotermal suvlar bo‘yicha olib borayotgan tadqiqotlari va istiqbolli hududlarda bajarilgan ishlar bilan tanishtirdi. Tomonlar vodiyning chuqur geotermal resurslarini o‘rganish, ularning energetik salohiyatini baholash, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash va geotermal suvdan samarali foydalanish yo‘llarini muhokama qildi.

Shuningdek, geotermal energetika sohasida ilmiy va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va kelajakda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.