Prezidentning 2025-yil 27-martdagi «Energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-63-son farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etildi. Bu haqda Energetika vazirligi farmon rasman e’lon qilingan kuni — 2025-yil 2-aprelda xabar berdi.

2025-yil 1-iyuldan agentlik uy-joylarda energetik audit o‘tkazish, quyosh panellari va quyosh kollektorlari qiymatining 20 foizini, issiqlik nasoslari (havo, suv va geotermal) qiymatining esa 40 foizini bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha qoplaydi.

Subsidiyalar faqat 2025-yil 1-sentabrgacha ishga tushirilishi kerak bo‘lgan energiya samaradorligi platformasi orqali sotib olingan uskunalarga beriladi. Farmon bilan agentlik huzurida byudjetdan tashqari Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham tashkil etildi.